Central Bank of the Republic of Uzbekistan

07/24/2024 | Press release | Distributed by Public on 07/24/2024 09:43

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tadbirkor ayollarning moliya kodeksi taqdimotini o‘tkazdi

24 Iyul 2024
Markaziy bank moliyaviy inklyuzivlik va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish yo'lidagi innovatsion qadamda tadbirkor ayollar uchun Moliya kodeksining joriy etilishini e'lon qiladi.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha milliy komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda asosiy manfaatdor tomonlar, siyosatchilar, moliya va biznes sohalari vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda tadbirkor ayollarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, gender tengligini va barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlashga qaratilgan jamoaviy majburiyat haqida so'z yuritildi. Loyiha gender bo'yicha ajratilgan ma'lumotlarni to'plash, moliya institutlarida ayollar yetakchiligini rag'batlantirish va tadbirkor ayollarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha innovatsion chora-tadbirlarni joriy etish muhimligini ta'kidlaydi. Biznesni rivojlantirish banki va Xalq banki bilan hamkorlikda imzolangan ushbu tashabbus O'zbekiston bo'ylab ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda muhim bosqich bo'ldi.

Yig'ilishda xalqaro ekspertlar tomonidan tadbirkor ayollar uchun Moliya kodeksiga oid ma'lumotlar taqdim etildi va mazkur loyiha 2023-yil oktabr oyida Jahon banki va XVJning Marokashda bo'lib o'tgan yillik yig'ilishida rasman ishga tushirilgani va dunyoning 26 davlatida sinovdan o'tkazilayotgani ta'kidlandi.

Shuningdek, tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha milliy komissiya o'rtasida imzolangan "Tadbirkor ayollarni moliyalashtirish kodeksi"ning O'zbekistonda joriy etilishiga oid memorandum hamda davlatimiz rahbarining joriy yil 7 mart kuni qabul qilingan "Xotin-qizlar tadbirkorligini yo'lga qo'yish va rivojlantirishni qo'llab-quvvatlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi PQ-122-sonli qarori mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.

Tadbirkor ayollar uchun Moliya kodeksi nafaqat moliya sohasida, balki mamlakatning keng ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida ham transformatsion o'zgarishlarni amalga oshirish imkonini beradi. O'zbekistonning bu boradagi yetakchiligi barqaror iqtisodiy o'sish va taraqqiyotni ta'minlashda xotin-qizlar muhim rol o'ynashini chuqur anglaganini aks ettiradi.

Ochilish marosimida YETTB, Osiyo taraqqiyot banki va BMT Ayollar tashkilotining bir qator taqdimotlari bo'lib o'tdi. Ushbu taqdimotlar ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda WE Moliya kodeksini samarali tatbiq etish yo'llari kabi mavzularni qamrab oldi. Ushbu siyosiy muloqot WE Moliyaviy kodeksini amalga oshirish bo'yicha milliy koalitsiyani yaratish uchun platforma bo'lib xizmat qildi.

Tadbirkor ayollarning moliya kodeksi va unda qanday ishtirok etish haqida batafsil ma'lumotni rasmiy We-Fi veb-saytida topishingiz mumkin https://we-fi.org/we-finance-code/